Farg‘onada noqonuniy nikoh o‘qigan “Domla” profilaktika inspektoriga pora taklif qildi

30 yanvarь kuni Farg‘ona tumani, O‘rtaqishloq qishlog‘ida yashovchi, 55 yoshli fuqaro S.M. Quvasoy shahrida yashovchi, 66 yoshli fuqaro M.M. hamda 29 yoshli fuqaro Yu.G.larga noqonuniy ravishda shar’iy nikoh o‘qiydi.
Mazkur holat Quvasoy shahar IIB profilaktika inspektori tomonidan aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtiriladi. Ayni jarayonda fuqaro S.M. unga nisbatan qonuniy chora ko‘rmaslik hamda to‘plangan hujjatlarni sudga taqdim etmaslik evaziga inspektorga 1.000.000 so‘m miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qiladi.
Profilaktika inspektorining viloyat IIB boshlig‘i nomiga bildirgisi asosida 12 fevralь kuni IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Farg‘ona viloyati bo‘yicha bo‘limi, viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi Quvasoy shahar bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqaro S.M. profilaktika inspektorining xizmat xonasida unga 1.000.000 so‘m miqdoridagi pullarni pora tariqasida bergan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanib, pullar xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi Farg‘ona viloyati Quvasoy shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Farg‘ona viloyati IIB Axborot xizmati