Xabar berilganidek, Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari polkovnik Aziz Tashpulatov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent viloyati ichki ishlar organlari faoliyatini o‘rganish davomida Qibray tumanida joylashgan IIV 2-sonli akademik litseyida ham bo‘lib, litsey yangi binosining tamal toshini qo‘ydi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlab berilgan yoshlar uchrashuvlarining amaliy davomi sifatida vazir o‘rinbosari va IIBB boshlig‘i litseyning o‘quvchi yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Dastlab rahbarlar litseyda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ko‘zdan kechirish davomida litseyning “Yangi tarix” muzeyida ham bo‘lib, faxriy mehmonlar kitobiga o‘z izhorlarini yozib qoldirishdi.

Uchrashuvda vazir o‘rinbosari va IIBB boshlig‘i prezidentimiz Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasining mazmun-mohiyati yuzasidan tushunchalar berildi. Shuningdek, ularga o‘z xizmat faoliyati haqida gapirib, bu borada ustozlar o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidladi. O‘quvchilarga sohada bilimlarini oshirish va yo‘nalish tanlash borasidagi o‘z tavsiyalarini berdi va yoshlarning bu boradagi fikr-mulohazalarini tingladi.

Shuningdek, tadbir davomida o‘quvchilarning axborot texnologiyalari borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning ta’lim olishlaridagi sifat darajasini yaxshilash maqsadida Ichki ishlar vaziri tomonidan berilgan kompьyuter va kitob jamlanmalari topshirildi.

Vazir o‘rinbosari ushbu litseyning barcha qulayliklarga ega zamonaviy tipda quriladigan yangi binosining loyihasi bilan tanishib, o‘zining fikr va mulohazalarini bildirdi. Viloyat IIBB boshlig‘i bilan birgalikda yangi bino qurilishining ramziy tamal toshini qo‘ydi.

Ma’lumot o‘rnida, Prezidentimizning 2017 yildagi Farmoni bilan tashkil etilgan mazkur litseyda, hozirda 648 nafar o‘g‘il va 91 nafar qizlar jami 739 nafar o‘quvchilar tahsil olmoqda. Muassasada ularga sifatli ta’lim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Hozirda 2020/2021 o‘quv yili uchun qabul boshlangan bo‘lib, maxsus tanlovlar asosida o‘quvchilar qabul qilinadi.

Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati