O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Ichki ishlar vazirligining mas’ul xodimlardan iborat ishchi guruhi Samarqandga tashrifining ikkinchi kunida Samarqand shahri bo’yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida yoshlar bilan uchrashdi.
Uchrashuv Samarqand shahri bo’yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida tashkil etilgan YOshlar ittifoqi boshlang’ich tashkiloti etakchisining yangidan qurib bitkazilgan xonasini ko’zdan kechirish bilan boshlandi. Ishchi guruh a’zolari bu borada amalga oshirilishi lozim bo’lgan ishlar to’g’risida o’zlarining taklif va tavsiyalarini berishdi.
Madhiyamiz sadolari baralla yangragandan so’ng, tadbir ochiq deb e’lon qilindi.
Tadbirda, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o’rinbosari U.Tashxodjaev hamda Ichki ishlar vaziri o’rinbosari D.Qodirov, Samarqand shahri bo’yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining yosh xodimlari, IIV Samarqand akademik litseyi o’quvchilari, IIV Akademiyasining viloyatda amaliyot o’tayotgan kursantlari, profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash bo’yicha yordamchilari, IIV faxriylari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda so’zga chiqqan, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o’rinbosari U.Tashxodjaev bugungi kunda yoshlarning davrdan ortda qolmasligi, doimo zamondan ilgari qadam tashlashi kerak ekanligiga, barcha sohalarda bilimli, siyosiy va ijtimoiy faol, xalq manfaatini o’z shaxsiy manfaatidan ustun qo’yadigan, halol va jonkuyar, yosh rahbarlarni tarbiyalash barchaning oldida turgan eng asosiy masala ekanligiga to’xtaldi.
So’zga chiqqan Ichki ishlar vaziri o’rinbosari D.Qodirov o’zining hayot tajribalarini yoshlar bilan bo’lishdi.
YOshlar jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda eng ilg’or innovatsion texnologiyalarni va bilimlarni o’zlashtirishlari lozimligini ta’kidlab o’tdi.
Ishchi guruh a’zolari bugungi kun yoshlaridan ruhan tetiklik, jismoniy sog’lomlik, tashabbuskorlik hamda vatanparvarlik talab etilishi va ular ongida jinoyatchilikka qarshi kurashish immunitetini shakllantirish haqida fikrlar bildirishdi.
YOshlar bilan uchrashuv ochiq, samimiy va do’stona tarzda o’tkazilib, yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar uchrashuv ishtirokchilari tomonidan iliq kutib olindi.
Tadbir so’ngida bir qator yoshlar ishchi guruh tomonidan, tashakkurnoma, O’zbekiston Prezidentining asarlar to’plami hamda planshetlar bilan taqdirlanishdi.
Camarqand viloyati IIB Axborot xizmati