TA’LIM SIFATINI OSHIRISHGA BARCHAMIZ MAS’ULMIZ
Bilim olish, o’qish va o’rganishga bo’lgan intilish ma’lum bir makon yoki zamon tanlamaydi. Jahon sivilizatsiyasi va ilm-fani rivojiga munosib hissa qo’shgan tabarruk ona diyorimiz ne-ne ulug’ allomalar, ko’plab olim-u fuzalolarning beshigi bo’lgan. Bugungi kunda ham mana shu qutlug’ zaminda buyuk ajdodlarimizning vorislari bo’lgan ma’nan va jismonan yetuk, bilimli va zukko yoshlar kamol topmoqda.
Hozirgi kunda butun dunyoda bo’lgani kabi bizning mamlakatimizda ham hukm surayotgan mavjud epidemik vaziyat, sinovli kunlar yurtimiz yoshlarining ta’lim olishga bo’lgan ishtiyoqini aslo so’ndirgani yo’q. Aksincha, hukumatimiz tomonidan ko’rsatilayotgan alohida g’amxo’rlik, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar biz ustozlarni ham, o’quvchi yoshlarimizni ham yanada ruhlantirmoqda.
Men Ichki ishlar vazirligi Qashqadaryo akademik litseyida ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi bo’lib ishlayman. Hozirgi kunda biz ham o’quvchilarimiz bilan belgilangan dars jadvali asosida masofaviy ta’lim-tarbiya jarayonini yurityapmiz. Bu barchamizdan yanada izlanuvchanlik, tashabbuskorlik va fidoyilikni talab qiladi. O’qituvchilarimiz ta’limning izchilligi va sifatini ta’minlash maqsadida zamonaviy axborot texnologiyalaridan unumli foydalanishga harakat qilishyapti. Jumladan, elektron darsliklar, video va audio materiallar, slaydlar orqali o’quvchilarimizning fanlarni o’zlashtirishi, o’tilgan mavzularni yaxshi tushunib olishlariga intilyapmiz. Mashg’ulotlar davomida har bir o’quvchi bilan individual ishlashga, savol-javob olib borishga harakat qilyapmiz. Qo’yilgan baholar esa jurnalga qayd qilib borilyapti.

Karantin davrida o’quvchilarning bo’sh vaqtini mazmunli o’tkazishlari, ularning ilm-fanga, mehnat va sportga bo;lgan qiziqishlarini yanada oshirish hamda rag’batlantirish maqsadida ta’lim maskanimizda “Akademik litsey bilimdonlari” tanlovini tashkil etish va bosqichma-bosqich o’tkazish dasturi ishlab chiqildi. Ushbu dastur rejasidan
-“Shaxsiy kutubxonam – sevimli maskanim”, “Mehnat insonni chiniqtiradi”, “Sport – doimiy hamrohim”, “Bo’sh vaqtim mazmunli o’tmoqda” kabi mavzularda videorolik yoki fotoko’rgazma tayyorlash;
-shoir Muhammad Yusuf tavalludi munosabati bilan “Ifodali she’r o’qish mahorati” (audio shaklida);
-fanlar bo’yicha onlayn test shaklida bilimlar sinovini o’tkazish;
-“Bugungi kun qahramonlari” yoki “Salomatlik – tuman boylik” kabi mavzularda insholar tanlovini o’tkazish singari shartlar o’rin olgan. O’quvchilarimiz bu tanlovlarda qiziqish bilan ishtirok etishyapti. Tanlov yakunida esa g’olib o’quvchilarni munosib rag’batlantirish ko’zda tutilgan.
Shuningdek, onlayn dars olib borayotgan ustozlarning mashg’ulotlarni sifatli, talab darajasida o’tkazishlari nazorat qilinib, o’qituvchilarning o’zaro tajriba almashishi va o’zlariga kerakli uslubiy tavsiyalar olishlariga erishish maqsadida o’qituvchilar o’rtasida har haftada “Eng namunali dars” tanlovi e’lon qilindi. Guruh rahbarlari ham o’quvchilar bilan doimiy muloqotda bo’lib, ularning oily o’quv yurtlariga tayyorgarligi, fanlarni chuqur o’zlashtirishga erishishlari yuzasidan zarur tavsiyalarni berib borishyapti. Shu o’rinda masofaviy ta’lim jarayonida ota-onalar bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlash lozim. Ular ham uyda farzandlarining o’z ustida mustaqil ishlashini, berilgan topshiriqlarni vaqtida bajarishayotganini muntazam nazorat qilib borishsa, barchamiz ko’zlagan maqsadimizga, albatta, erishamiz.




Ichki ishlar vazirligi Qashqadaryo akademik litseyi
ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi I.P.Murodova