Mullatoʼychi Toshmuhammedov nomli viloyat musiqali drama teatrida “Uch avlod uchrashuvi” boʼlib oʼtdi. Unda Ichki ishlar vazirligi Аkademiyasi va Faxriylar kengashi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Ichki ishlar vazirligi Qashqadaryo akademik litseyi, boshqarma faxriylar kengashi aʼzolari ishtirok etishdi. Tadbirni Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʼi polkovnik Shuhratjon Satvoldiev ochib, “Yangi Oʼzbekiston – yangi ichki ishlar organlari!” shiori asosida tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi”ning ahamiyati muhimligini taʼkidladi.
“Yangi Oʼzbekiston – yangi ichki ishlar organlari!” shiori ostida ichki ishlar organlari tashkil etilganligining 30 yilligi tantanalari soha xodimlari bilan birga xalqimiz tomonidan keng miqyosda bayram sifatida yuksak saviyada nishonlandi. Аlbatta, mustaqillikni mustahkamlash va davlatimiz taraqqiyotida katta avlod vakillarining beminnat xizmati bor. Shu bois bugun ularni eʼzozlash, hurmat ehtirom koʼrsatish davlat ahamiyatidagi masalaga aylandi. Jumladan istiqlolni koʼz qorachigʼiday asrashda boshqa sohalar qatori ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar xizmat qilgan faxriylarning ham munosib hissasi borligini alohida taʼkidlash joiz. Faxriylarning tajribasi va malakasi yosh xodimlar uchun ibrat maktabi.
Ichki ishlar organlarida samarali xizmat qilib, bugungi kunda faxriylik gashtini surayotgan otaxonlarning aksariyati oʼyda oʼtirishni ep bilmasdan ustoz-shogird anʼanasiga sodiq qolgan holda soha vakillaridan oʼz maslahatlarini ayashmayapti.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi Аkademiyasi boshligʼining maslahatchisi general-leytenant Baxodir Аxmedov soʼzga chiqib, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning tashabbuslari bilan yosh avlodni tarbiyalashda “ustoz-shogird” anʼnasiga amal qilish, ustozlarni ulugʼlash, ularni orttirgan tajribalaridan unumli foydalanish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Yurtimizda faxriylarga koʼrsatilayotgan ehtirom, ularni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash va ularga davlatimiz tomonidan koʼrsatilayotgan gʼamxoʼrliklarni eʼtirof etdi. Jumladan, faxriylar holidan xabar olish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʼllab-quvatlash ishlari har doim rahbariyat eʼtiboridan chetda qolmayati. Oʼz navbatida faxriylar ham yoshlarda vatanga muhabbat, Prezidentga sadoqat tuygʼularini yanada chuqurroq singdirish maqsadida “Uch avlod uchrashuvi” kabi qator tadbirlarda yoshlar va xodimlarning kasb mahorati va tajribasini oshirishga oʼz hissasini qoʼshib kelayotganini taʼkidladi.

Ichki ishlar vazirligi Faxriylar kengashi aʼzosi isteʼfodagi general-mayor Raim Karimov tadbirda soʼz olib, bugun mustaqil mamlakatimizda yoshlar davlatimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar, gʼamxoʼrliklardan ilhomlanib, Vatan xizmatiga kamarbasta boʼlishga, bunda faxriylarning xizmat va hayot yoʼlida orttirgan tajriba maslahatlariga tayangan holda puxta bilim olib, har tomonlama yetuk kadrlar boʼlib yetishishida bunday uchrashuvlarning ahamiyati nihoyatda beqiyosligini bildirdi.
Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Faxriylar kengashi aʼzosi, isteʼfodagi polkovnik Аvaz Аzizxoʼjaev, Ichki ishlar vazirligi Аkademiyasi professori, polkovnik Sharif Qobilovlar ham oʼz maʼruzalarida yoshlar har tomonlama yetuk va barkamol boʼlib ulgʼayishida faxriylarning tajriba va malakasi maktab vazifasini oʼtashini bildirdi.
Viloyat IIB Faxriylar kengashi raisi isteʼfodagi polkovnik Sodiq Islomov hurmatli va aziz ustozlar vaqtlarini ayamasdan, viloyatga tashrif buyurib, yosh xodimlarga oʼz bilim va tajribalarini ulashib, xodimlarda kasbiga sadoqat, yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni kamol toptirishga munosib hissa qoʼshayotganini eʼtirof etishdi.