O’zbek xalqi jahon ilm-fani, madaniyati ravnaqiga munosib hissa qo’shgan zabardast olimlarni, ulug’ allomalar-u, benazir qalam sohiblarini kamolga yetkazgan buyuk xalqdir. She’riyatimizning porloq quyoshi, g’azal mulkining sultoni hazrat mir Alisher Navoiy o’zining ibratli hayoti, betakror ijodi bilan dunyo ahliga namuna bo’lgan, o’z nomini mangulikka muhrlay olgan siymodir. Shoir asarlarida insoniylik, xalqparvarlik va el-yurtga muhabbat tuyg’ulari tarannum etiladiki, bu nodir asarlar hamma zamonlarda ham o’z qadr—qiymati, ulug’vorligi bilan ahamiyatlidir.

   Shu kunlarda butun yurtimiz bo’ylab millatimiz faxri, g’ururi bo’lgan buyuk shoir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi keng nishonlanmoqda. IIV Qashqadaryo akademik litseyida ham ushbu qutlug’ sana munosabati bilan “Mangulikka daxldor siymo” deb nomlangan adabiy-musiqiy tadbir tashkil etildi.

   Tadbirni akademik litsey direktori podpolkovnik M.Ch.Do’styorov kirish so’zi bilan ochib, Alisher Navoiy ijodiy merosining yoshlarni ezgulik, olijanoblik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi yuksak ahamiyati haqida gapirdi. Nazm va navo kechasiga aylanib ketgan ushbu tadbirda o’quvchilar tomonidan hazrat Navoiy qalamiga mansub dilbar g’azallar, ruboiylar o’qildi. Shoir g’azali bilan aytilgan mumtoz qo’shiqlar, jozibali raqslar kechaga o’zgacha fayz, shoirona ruh bag’ishladi. Tadbir davomida shoir Uyg’un va dramaturg Izzat Sultonning “Navoiy” dramasidan parcha hamda Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni bo’yicha tayyorlangan sahna ko’rinishlari ham namoyish qilindi.