Navoiy va Bobur vorislari
        Adabiyot insonni go’zallikka yetaklovchi, ma’naviy va ruhiy olamini boyituvchi, poklovchi qudratli vositadir. She’riyatga oshno bo’lish, badiiy asarlarni mutolaa qilish yosh avlod qalbida ezgulik, olijanoblik va insoniylik tuyg’ularini kamol toptiradi. Zotan, ona tiliga, adabiyotga muhabbat — bu Vatanga, millatga muhabbatdir.
        O’zbekiston Respublikasi IIV Qashqadaryo akademik litseyida o’zbek mumtoz adabiyotining buyuk vakillari Alisher Navoiyning 581 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligi munosabati bilan “Navoiy va Bobur vorislari” nomli g’azalxonlik kechasi o’tkazildi. Ushbu tadbirda litseyning 1-2 va 3-kurs o’quvchilaridan iborat “Nazm”, “Navo” va “Tojmahal” jamoalari ulug’ ajdodlarimizning ibratli hayoti, boy ijodiy merosi haqida olgan bilimlarini, san’atga bo’lgan iqtidor va qobiliyatlarini namoyish etdilar. Shoirona ruhda o’tkazilgan ushbu nazmiy mushoirada o’quvchilar ijrosida Navoiy va Bobur qalamiga mansub durdona g’azallar, ruboiylar ifodali aytildi. Ijro etilgan kuy va qo’shiqlar, jozibali raqslar barchada yaxshi taassurot qoldirdi.