Bahorning ilk kuni go’zal diyorimizda o’zgacha shukuh, bayramona kayfiyatda nishonlanadi. 1-mart o’zbek xalqining suyukli va ardoqli shoirasi Zulfiya Isroilova tavallud topgan sana. Ushbu qutlug’ kun munosabati bilan IIV Qashqadaryo akademik litseyi hamda Adliya vazirligi huzuridagi Qashqadaryo viloyati yuridik texnikumi hamkorligida “Sadoqat va vafo kuychisi” deb nomlangan adabiy-musiqiy kecha tashkil etildi. Tadbirda akademik litseyning ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi Mo’tabar Ravshanova Zulfiyaxonimning ibratli hayot yo’li hamda serqirra ijodi haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni so’zlab berdi. Akademik litsey hamda yuridik texnikum o’quvchilari tomonidan ijro etilgan shoira Zulfiyaxonim qalamiga mansub dilbar she’rlar, Hamid Olimjon va Zulfiya timsollari gavdalantirilgan sahna ko’rinishlari, ona diyorimizni, go’zal bahorni tarannum etuvchi kuy-qo’shiqlar, jozibali raqslar barchaga ko’tarinki kayfiyat ulashdi. Shuningdek, mazkur ta’lim muassasalarining adabiyot va she’riyatga ixlosmand o’quvchi yoshlari o’rtasidagi she’riy mushoira qizg’in va qiziqarli o’tdi. Tadbir davomida shoira Zulfiya ijodi yuzasidan hamkorlikda tayyorlangan videorolik ham namoyish etildi.