O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq va armiya bir tanu bir jondir” ezgu tamoyillarini amalga oshirish yoshlarda vatanparvarlik tuyg’ularini shakllantirish maqsadida 2022-yil 7-aprel kuni Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi tasarrufidagi Qashqadaryo viloyati Xonobod qo’rg’onida joylashgan 10-329 sonli harbiy qismda tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni”ga IIVning Qashqadaryo akademik litseyi oʻquvchilaridan bir guruhi tashrif buyurishdi.
Dastlab o’quvchi yoshlar harbiy qismda uchish apparatlari joylashtirilgan ochiq osmon ostidagi muzeyda bo’lib, u yerdagi jangovar samolyotlar hamda ularning texnik imkoniyatlari borasida soha mutaxassislardan tegishli tushunchalarga ega bo’lishdi.
Shundan so’ng yosh mehmonlar uchish amaliyotlarini mustahkamlashga mo’ljallangan trenajyorlar bilan tanishib, haqiqiy parvoz zavqini his etib ko’rdilar. Ayniqsa, harbiy qism tarixini aks ettiruvchi muzeydagi maʼlumotlar yoshlar uchun juda qiziqarli bo’ldi.
Shu kuni harbiy qismda buyuk sarkarda markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi Amir Temur tavalludining 686 yilligiga bag’ishlab, harbiy qism xizmatchilari va IIV Qashqadaryo akademik litseyi o’quvchilari o’rtasida “Amir Temur bilimdoni” mavzusida “Zakovat” intellektual o’yini tashkil etildi.
Tadbirda to’rtta jamoa o’zaro bellashdilar. IIV Qashqadaryo akademik litseyi o’quvchilari “Temur tuzuklari” hamda Amir Temurning ibratli hayoti va sarkardalik faoliyati bo’yicha tuzilgan barcha savollarga batafsil javob berib yuqori ball to’plagan holda faxrli 1-o’rinni qo’lga kiritishdi hamda esdalik sovg’alari bilan taqdirlanishdi.