Inson huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat sanaladi. Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar inson qadri uchun, uning huquq va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolarning munosib hayot kechirishlari, bir soʼz bilan aytganda, xalqimizning baxtli yashashini taʼminlash uchun qaratilgan. Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoev taʼkidlaganlaridek: “Inson huquq va erkinliklariga amal qilinishini taʼminlash, har bir shaxsning qadr-qimmatini eʼzozlash ochiq, erkin va adolatli jamiyatning ajralmas xususiyatidir” Oʼzbekiston Respublikasi IIVning Qashqadaryo akademik litseyida 2022 yil 21 may kuni “Yurt tarovati” gazetasining Oliy Majlis Jamoat fondi tomonidan “ Inson huquqlari – oliy qadriyat” granti loyihasi asosida tadbir tashkil etildi. Tadbirda Oʼzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, adiba Sharofat Аshurova, “Yurt tarovati” gazetasi bosh muharriri, jurnalist Nasiba Ibragimova, Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi Qarshi tumani Yuridik xizmat koʼrsatish markazi rahbari Аsror Eshimov, Qarshi davlat universiteti ijtimoiy fanlar fakulьteti Milliy gʼoya-maʼnaviyat asoslari va huquq kafedrasi oʼqituvchisi falsafa fanlari nomzodi dotsent Feruza Qanoatova, Qarshi shahridagi Prezident maktabining psixologi Xusnora Nurmatova hamda akademik litseyning oʼqituvchi va oʼquvchilari ishtirok etishdi.”  Tadbirda akademik litseyning 1-bosqich oʼquvchilaridan tashkil topgan “Erudit” hamda “Huquq posbonlari” jamoalari huquqshunoslik, adabiyot hamda sanʼat sohasidagi bilimlarini sinovdan oʼtkazdilar. Oʼquvchilar “Huquqiy darsxona” shartida ijtimoiy-siyosiy, huquqiy mavzudagi savollarga javob berishdi. “Menda muammo bor” deb nomlangan 2-shartda jamoalar ijtimoiy hayotda uchraydigan dolzarb muammolar va huquqiy masalalar yuzasidan qiziqarli sahna koʼrinishlarini namoyish qilib berishdi. Bilimdonlar bellashuvining “Sevimli kitobim” deb nomlangan soʼnggi shartida oʼquvchilar oʼqigan badiiy asarlari, shoir va yozuvchilarning hayoti, ijodi boʼyicha berilgan topshiriqlarni bajarishdi.

— Oʼquvchilar ajoyib tayyorgarlik koʼrishibdi, huquqiy tadbirlar koʼproq tashkil etilgani oʼquvchilarning faoligidan ham bilsa boʼladi, ushbu grant loyihasida hakam raisi sifatida kuzatdim, — deydi Qashqadaryo adliya boshqarmasi Qarshi tumanning Yuridik xizmat koʼrsatish markazi boshligʼi Аsror Eshimov.

Tadbir davomida akademik litseyning isteʼdodli oʼquvchilari ijrosida ona yurtimizni madh etuvchi sheʼrlar kuy va qoʼshiqlar yangradi.

Tadbir yakunida “Huquq posbonlari” jamoasi gʼolib deb topildi va “Yurt tarovati” gazetasining granti loyihasi asosida tashakkurnoma va maqtov yorliqlari hamda esdalik sovgʼalari bilan taqdirlandi. Gazeta tahririyatining «Inson huquqlari-oliy qadriyat granti» loyihasi asosida ikki jamoadagi 12 nafar oʼquvchilar Shahrisabzning tarixiy obidalarni sayoxat qilish imkoniyatini qoʼlga kiritishdi. Shuningdek, tadbirda faol ishtirok etgan barcha oʼquvchilar va ustozlar IIV Qashqadaryo akademik litseyi rahbariyati tomonidan munosib ragʼbatlantirildi. Tadbir soʼnggida grant bukletlari tarqatildi.

Bu kabi tadbirlar oʼquvchilarda huquqiy madaniyatni rivojlantirish, ular qalbida vatanparvarlik, insoniylik kabi ezgu xislatlarning kamol topishida muhim ahamiyatga egadir.