IIV O‘quv-dala markazida tizim faxriylari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi.

“Vatanparvarlik oyligi” doirasida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” shiori ostida tashkil etilgan uchrashuvga vazirlik Faxriylar kengashi a’zolari – iste’fodagi general-mayor Habibullo Hojimatov, iste’fodagi polkovnik Isroil Yuldashev, IIV Akademiyasi Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi polkovnik Davlet Yusupov hamda iste’fodagi polkovnik Anvar Devyatov taklif etildi.

Tizimda ko‘p yillar xizmat qilib, hozirda keksalik gashtini surayotgan ustozlar Akademiyaning birinchi bosqichida ta’lim olayotgan navqiron o‘g‘il-qizlarga ichki ishlar organlari tarixi, rivojlanish bosqichlari, o‘tgan davr mobaynida sohani tubdan takomillashtirish, shaxsiy tarkibning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ayniqsa xalq manfaatlariga xizmat qiladigan professional tuzilma sifatida shakllantirishga qaratilgan islohotlarni so‘zlab berishdi.

Ochiq muloqotda kursantlar faxriylarning mashaqqatli faoliyatlari, xizmat sinovlarini yengishda ko‘rsatgan jasorat va matonatlari haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Ichki ishlar xodimi bo‘lishni maqsad qilgan yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, tizim faxriylarining el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lidagi xizmatlarini qadrlash tizimda “ustoz-shogird” an’analarini munosib davom ettirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.