“Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oynai hayoti tili va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur” — degan edi ulug‘ o‘zbek ma’rifatparvarlaridan biri Abdulla Avloniy.

Darhaqiqat, til millatning kurrayi zaminda mavjudligini, uning orzu-umidlari, an’ana-yu qadriyatlari, bir so‘z bilan aytganda, ruhiyatini o‘zida aks ettiruvchi tiniq ko‘zgudir. Biz kim, shonli o‘tmishga, boy madaniy-ma’naviy merosga ega bo‘lgan tabarruk zaminning, tomirida Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk siymolarning qoni oqayotgan ulug‘ xalqning farzandlari, ana shu go‘zal va betakror, nafis ona tilimizni asrab-avaylashimiz, ardoqlashimiz, uning sofligi hamda ravnaqi uchun qayg‘urishimiz lozim. Zero, bu bizning ham insoniy, ham fuqarolik burchimizdir.

Ma’lumki, yurtimizda 21-oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalarida “Oktyabr oyi -ona tili fan oyligi” sifatida e’lon qilinib, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ilmiy-adabiy kechalar o‘tkazilmoqda. Jumladan, IIV Qashqadaryo akademik litseyida ham O‘zbek tili bayrami ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda. Ta’lim dargohining ona tili va adabiyot xonalari, o‘quv zallari hamda litsey foyesi o‘zbek tilining tarixi va taraqqiyotiga oid qiziqarli ko‘rgazmalar, stendlar bilan jihozlandi, shu sanaga bag‘ishlangan fan oyligi burchagi tashkil qilindi. O‘quvchilarni ona tilimizga, adabiyotimizga hurmat va muhabbat ruhida tarbiyalash, qolaversa, ularda chin insoniy xislatlarni kamol toptirish maqsadida har kungi ertalabki saf yig‘inlarida o‘zbek tilining dunyo tillari orasida tutgan o‘rni, nufuzi, o‘zbek adabiyoti vakillarining hayoti va faoliyati, ularning betakror asarlari yuzasidan qiziqarli ma’lumotlar berib borilmoqda. Shuningdek, o‘quvchilar orasida “Pirimqul Qodirov asarlari bilimdoni”, “Savodxonlik saboqlari” nomli tanlovlar o‘tkazilib, g‘oliblar munosib taqdirlandi.

Bundan tashqari, “O‘zligimiz timsoli – ona tilim” mavzusida e’lon qilingan insholar tanlovida ham litseyning barcha o‘quvchilari faol ishtirok etishdi. Ushbu tanlovda faxrli o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar akademik litsey ma’muriyatining maqtov yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Ta’lim muassasasining iqtidorli o‘quvchilari va ustozlari tomonidan ona tilimizni madh yetuvchi videorolik ham tayyorlandi. Litseyning tajribali ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Mo‘tabarRavshanova fan oyligi doirasida barcha o‘qituvchilarga imlo va husnixat ustida ishlash bo‘yicha “Mahorat darsi” o‘tdi. Bu, ayniqsa, yosh o‘qituvchilarga o‘z ustida ishlashlari, ilmiy va pedagogik mahoratini oshirib borishlari uchun namuna bo‘ldi.

Akademik litseyda onatili fan oyligi doirasidagi amaliy tadbirlar davom etmoqda.