IIV Qashqadaryo akademik litseyida 21-oktyabr sanasi o’zgacha ruhda nishonlandi. Shu kuni ta’lim muassasasida “Bayraming muborak, jahoniy tilim” deb nomlangan ilmiy adabiy tadbir o’tkazildi. Tadbirda litseyning ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi I.Murodova ona tilimizning jahon tillari orasidagi mavqeyi, xorijiy ta’lim dargohlarida o’zbek tilining o’qitilishi, ulug’ mutafakkirlar, mashhur ijodkorlar hamda taniqli tilshunos olimlarning o’zbek tili haqidagi e’tiroflari to’g’risida ma’ruza qildi. Tadbir davomida litsey o’quvchilari faxr iftixor tuyg’ulari bilan muqaddas Vatanimiz, mo’tabar ona tilimiz haqidagi she’riy kompozitsiyani ijro etishdi. Tadbir so’ngida ona tili fani oyligi doirasida tashkil qilingan tanlovlarda, ma’naviy-ma’rifiy kechalarda faol ishtirok etgan barcha ustozlar hamda iqtidorli o’quvchilarga litsey ma’muriyati tomonidan tashakkurnoma, maqtov yorliqlari va esdalik sovg’alari topshirildi.
Bundan tashqari, “O‘zligimiz timsoli – ona tilim” mavzusida e’lon qilingan insholar tanlovida ham litseyning barcha o‘quvchilari faol ishtirok etishdi. Ushbu tanlovda faxrli o‘rinlarni egallagan hamda “Ona tili fan oyligi” bo’yicha o’tkazilgan tadbirlar g’oliblariga akademik litsey ma’muriyatining maqtov yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.