Mustaqil davlatchiligimizning yorqin timsoli, xalqimizning bebaho ma’naviy mulki bo’lgan ona tilimizni  e’zozlash, uning jamiyatdagi mavqeyini yuksaltirish, yoshlarni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha  dolzarb va ustuvor vazifa bo’lishi lozim. Zero, ona tiliga muhabbat – bu Vatanga muhabbatdir.

O’zbekiston Respublikasi IIV Qashqadaryo akademik litseyida ona tili fan oyligi doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ko’rik tanlovlar, bilimdonlik bellashuvlari qizg’in davom etmoqda. Yaqinda ta’lim maskanida akademik litseyning o’qituvchi va o’quvchilari hamda Qarshi davlat universiteti o’qituvchilari: filologiya fanlari nomzodi dotsent Shohida Karomova, filologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibasi Nilufar Umarovalar ishtirokida “Qadring baland bo’lsin, ona tilim!” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirni akademik litsey direktori podpolkovnik M.Ch.Do’styorov kirish so’zi bilan ochdi. Davra suhbati davomida davlat tili haqidagi qonunning mazmun-mohiyati, uning ijtimoiy-siyosiy ahamiyati, til va adabiyot sohasidagi yangiliklar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, tadbirda o’zbek tili va uning boy tarixiga oid slaydlar, videoroliklar namoyish qilindi. O’quvchilar tomonidan ijro etilgan ona yurtimiz, go’zal va nafosatli tilimiz haqidagi she’rlar barchada yaxshi taassurot  qoldirdi.