Yurtimiz buyukligini, millatimiz o’zligi-yu xalqimizning bebaho qadriyatlarini o’zida aks ettirgan Davlat ramzlari Ona Vatanimiz kabi muqaddas va mo’tabardir. 18-noyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’I qabul qilinganligiga 31 yil to’ldi. Ushbu qutlug’ sana munosabati bilan IIV Qashqadaryo akademik litseyida “G’ururimsan, faxrimsan, ona Vatan bayrog’i!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Yuksak vatanparvarlik ruhida o’tgan ushbu tadbirda o’quvchilarga O’zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog’I to’g’risida”gi Qonunning qabul qilinishi, bayroqda aks etgan timsollar va ezgu g’oyalar haqida ma’lumot berildi. Shundan so’ng o’quvchilar ijrosida ona yurtimizni, muqaddas bayrog’imizni madh etuvchi she’r va qo’shiqlar yangradi.Akademik litseyning iqtidorli o’quvchilari tomonidan namoyish etilgan ko’rgazmali harbiy sport chiqishlari esa Vatanga muhabbat, o’z kasbiga sadoqat va fidoyilik tuyg’ularini yanada oshirdi.

Shu kuni akademik litsey o’quvchilari Qashqadaryo viloyat Xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli Qarshi shahridagi alohida ta’limga ehtiyojlari bo’lgan kar –soqov bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 17-sonli maktab –internatda O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’I qabul qilingan sanaga bag’ishlab o’tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ham faol ishtirok etishdi. Maktab –internatda ta’lim olayotgan imkoniyati cheklangan bolajonlarning ilm olishga bo’lgan ishtiyoqi, san’at va adabiyotga qiziqishlari hamda o’z bag’rida mehr bilan ulg’aytirayotgan ona yurtga muhabbatlari ular tomonidan chizilgan Davlat bayrog’I suratlarida, ijro etilgan she’r va raqslarida namoyon bo’ldi.

IIV Qashqadaryo akademik litseyi o’quvchilari bu bolajonlarga  davlatimiz ramzlari haqidagi qiziqarli ma’lumotlarni gapirib berishdi. Ular tomonidan tayyorlangan adabiy-musiqiy kompozitsiya hamda ko’rgazmali chiqishlar maktab-internatning barcha o’qituvchilari va o’quvchilarida katta tassurot qoldirdi.