IIV Qashqadaryo akademik litseyida Ichki ishlar vazirligi birlashgan tahririyati tomonidan nashrga tayyorlangan “Kadrlar xizmati fidoyilari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda Ichki ishlar vazirligi birlashgan tahririyati, viloyat ichki ishlar boshqarmasi va sohaviy xizmatlar xodimlari, faxriylar hamda litsey o‘quvchilari ishtirok etdi.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirni Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Shermuxammad Tursunov ochib, so‘nggi yillarda kitob o‘qish va ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor berilayotganini ta’kidladi.

Kitob taqdimotida Ichki ishlar vazirligi Birlashgan tahririyati bosh muharriri o‘rinbosari, mayor Azizjon Fayziev so‘zga chiqib, “Kadrlar xizmati fidoyilari”  kitobini tayyorlash va nashr etish jarayonlariga to‘xtaldi.  Kitobga kiritilgan ichki ishlar organlari faxriylari mustaqilligimizni mustahkamlash, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash borasida samarali xizmat qilgani, burchiga Vataniga sadoqat bilan xizmat qilib, ibratli umr kechirgani haqidagi maqolalar o‘rin olganini ta’kidladi.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi faxriylar kengashi a’zolari, iste’fodagi podpolkovnik Amir Xushvaqtov, Pirmat Axmedov mazkur kitob kelajak avlod uchun muhim manba, yoshlar xodimlar uchun tajriba maktabi vazifasini o‘tashini bildirishdi.