Shu kunlarda ona yurtimiz bo‘ylab o‘zbek adabiyotining buyuk siymolari — g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi keng nishonlanmoqda.
Ushbu qutlug‘ sanalar munosabati bilan IIV Qashqadaryo akademik litseyida ham bir qator ma’naviy-ma’rifiy, adabiy tadbirlar, davra suhbatlari hamda bilimdonlik sinovlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, bugun litseyda Navoiy va Bobur ijodi yuzasidan “Nazm va navo” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda litseyning iste’dodli o‘quvchilari tomonidan ulug‘ shoirlar qalamiga mansub dilbar g‘azal va ruboiylar aytildi, mumtoz kuy hamda qo‘shiqlar ijro etildi. Shuningdek, shoirUyg‘un va dramaturg Izzat Sulton hamkorligida yaratilgan “Alisher Navoiy” dramasidan sahna ko‘rinishi namoyish qilindi. Litseyning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Mo‘tabar Ravshanova tomonidan berilgan Navoiy va Boburning hayoti hamda ijodiy faoliyatiga oid qiziqarli ma’lumotlar o‘quvchilarda o‘zbek adabiyotiga va she’riyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan ushbu she’riyat bayramida S.Nasafiy nomli viloyat axborot-kutubxona markazi mutaxassislari, Qarshi shahridagi ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi hamda 28-umumta’lim maktabi o‘quvchilari ham ishtirok etishdi.
Nazm va navo kechasi barchada yaxshi taassurot qoldirdi.