Barcha joylarda bo‘lgani kabi IIV Qashqadaryo akademik litseyida birinchi qo‘ng‘iroq va bilimlar kuni tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati , ota-onalar, litsey o‘qituvchilari va o‘quvchilari ishtirok etdi.

Tadbirni boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Zavqiddin Xo‘janov ochib, “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida nishonlangan mustaqilligimizning 32 yilligi bayrami va yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan litsey o‘qituvchilari, o‘quvchilarini qutlab, o‘qishlarida omad tiladi. Bu yilgi o‘quv jarayonida ham o‘quvchilar kitobxonlik, bilimlar bellashuvi va sport sohalarida yangi marralarni zabt etishiga ishonch bildirdi.

Litseyni muvaffaqiyatli bitirib, IIV Akademiyasi tinglovchilari safidan joy olgan bir guruh o‘quvchilarning ota-onalari so‘zga chiqib, farzandlari sohaga bo‘lgan qiziqish tufayli mana shu ta’lim dargohida o‘qib, tahsil olgani va o‘qituvchilarning bergan bilimi tufayli nufuzli oliygoh talabasi bo‘lganini bildirdi.

Tadbir yakunida o‘quvchilar safda shaxdam yurgan holda dars mashg‘ulotlariga o‘tish uchun sinfxonaga kirishdi.

O‘quvchilarga viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Zavqiddin Xo‘janov Mustaqillik darsi o‘tdi.

Mustaqillik darsida xalqimizning istiqlolni qo‘lga kiritishi, bu yo‘lda kurashgan fidoyi mard o‘g‘lonlar hayoti, ozodlik yo‘lida qatag‘on bo‘lgan siymolar haqida o‘quvchilarga keng qamrovda tushunchalar berildi.

O‘quvchilarga dars mashg‘ulotlarini puxta o‘zlashtirish, ustozlar o‘gitiga amal qilgan har qanday o‘quvchi ko‘zlagan maqsadiga erishishi uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar yaratilganini e’tirof etdi.